TOShKENT, 22 okt — Sputnik. Toshkentda Amir Temur xiyobonida 150 nafar tayanch punkti profilaktika inspektorlarining tantanali qasamodi hamda ularga xizmat uylari va shaxsiy avtomashinalarini tantanali ravishda topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar berdi Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
Bunday tadbir O‘zbekistonda ikkinchi marotaba o‘tkazildi. Unda Senat raisi, bosh prokuror, Ichki ishlar vaziri, Toshkent shahar IIBB rahbariyati, shuningdek profilaktika inspektorlarining ota-onalari va yaqin qarindoshlari hamda OAV xodimlari ishtirok etdi.
Senat Raisi Nig‘matulla Yo‘ldoshev profilaktika inspektorlarini bugungi tadbir bilan qutlar ekan, "Inspektorlar Ichki ishlar vazirligining mahalladagi vakili emas, balki mahallaning Ichki ishlar vazirligidagi vakiliga aylanmog‘i lozim", — deya ta’kidladi.
Mashina va turar-joy kalitlarini qabul qilib olgan profilaktika inspektorlari O‘zbekiston tinchligi va farovonligi yo‘lida bundan keyin ham sadoqat bilan xizmat qilishga qasamod qildilar.
Eslatib o‘tamiz, 10-aprel kuni O‘zbekiston Prezidenti "Ichki ishlar organlarining faoliyati samaradorligini tubdan oshirish, jamoat tartibini, fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni ta’minlashda ularning mas’uliyatini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonini imzolagan edi. 20-aprel kuni esa davlat rahbari profilaktika inspektorlarini xizmat vazifasini bajarayotgan hududda xizmat uylari bilan ta’minlash dasturini tasdiqladi. 2018-yil so‘ngiga qadar mamlakatning barcha hududlarida 1327 ta xizmat kvartirasi va 3829 ta xizmat uylari taqdim etiladi.
Shuni ta’kidlash joizki, profilaktika inspektorlariga berilgan uylar XIZMAT UYLARI hisoblanadi. Matiz avtomashinalari uchun esa oldindan 15% to‘lov, keyinchalik 10-yil muddatga 14% dan to‘lov, profilaktika inspektorlarining o‘zlari tomonidan amalga oshiriladi.