TOShKENT, 21 okt – Sputnik. Andijonda odam savdosining oldi olindi, deb xabar berdi viloyat ichki ishlar boshqarmasi.
Xabarda aytilishicha, viloyat ichki ishlar boshqarmasi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tezkor xodimlari bilan hamkorlikda olingan tezkor ma’lumot asosida Asaka tumanidagi yo‘l-patrul xizmati maskanida tadbir o‘tkazildi.
Tadbir davomida Oltinko‘l tumanida yashovchi M.D. to‘xtatilib, tekshiriladi.
"M.D. bilan o‘tkazilgan suhbat chog‘ida, u tanishini moddiy manfaatdorlik evaziga chet davlatiga olib ketayotganligi, oyiga 2,5-3 ming dollar miqdoridagi oylik to‘lanadigan ish va’da qilganligi, aslida undan chet mamlakatda shahvoniy maqsadlarda foydalanmoqchiligi ma’lum bo‘ldi", deyiladi xabarda.
M.D. oldindan olgan 200 ming so‘m pul ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirildi. Holat yuzasidan tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.