TOShKENT, 18 okt – Sputnik. O‘zbekiston Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 25-yilligini nishonlashga bag‘ishlangan tadbirlar doirasida O‘zbekiston xalq artistlari ishtirokida gala-konsert tashkil etiladi. Bu haqda "O‘zbekkonsert" davlat muassasasi matbuot xizmati xabar berdi.
Xabar qilinishicha, O‘zbekiston xalq artisti Farrux Zokirov raisligida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston xalq artistlari klubining yig‘ilishida Klubning asosiy vazifalari, chora-tadbirlari keng muhokama qilindi.
Iste’dodli yosh xonandalarning kasbiy va ma’naviy kamol topishiga imkon yaratish, ularning malaka oshirishi, tarbiyalash, shoir-bastakor-ijrochi uchligi doimiy hamkorlikda ish olib borishiga ko‘maklashish,o‘z iqtidorini namoyon etishi uchun zarur tashkiliy masalalarni hal etish, bozor munosabatlari sharoitida yakkaxon ijrochilar va ijodiy jamoalar faoliyatiga ko‘maklashishga doir vazifalar haqida fikr yuritildi.
Shu bilan birga O‘zbekiston Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 25-yilligini keng nishonlashga bag‘ishlangan tadbirlar doirasida O‘zbekiston xalq artistlari ishtirokida gala-konsert tashkil etish taklifi bir ovozdan ma’qullandi.