TOShKENT, 17 okt — Sputnik. Farg‘ona viloyati IIB va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda qurol-aslaha, o‘q-dori va portlovchi moddalarni qonunga hilof ravishda muomalasiga qarshi kurashish bo‘yicha keng jamoatchilik bilan o‘tkazilgan profilaktik va targ‘ibot-tashviqot ogohlantiruv chora-tadbirlari natijasida, bir qator fuqarolar o‘z ixtiyorlari bilan o‘zlarida saqlanayotgan qurollarni topshirdilar.
Biroq, olib borilayotgan profilaktik tadbirlar va targ‘ibot-tashviqot ishlariga qaramasdan, ayrim fuqarolar tomonidan noqonuniy ravishda o‘zlarida saqlanayotgan qurol-aslaha, o‘q-dori va portlovchi moddalarni ixtiyoriy ravishda topshirmaslik holatlari ham aniqlanmoqda.
O‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida, Qo‘qon shahrida yashovchi, 1981-yilda tug‘ilgan A.J.ning yashash xonadoni va yordamchi xo‘jaliklari xolislar ishtirokida tekshirilganda, "TOZ-8" rusumli miltiqning 352 dona patronlari, PM 9mm qurolining 2 dona patroni, 2 dona paxtavon patron(xolostoy)lar borligi aniqlandi.
Shuningdek, Beshariq tumanida yashovchi, 1969-yilda tug‘ilgan Q.M.ning yashash xonadoni xolislar ishtirokida tekshirilganda, xonadonning tom qismiga yashirib qo‘yilgan, marhum otasiga tegishli 16 kalibrli ikki stvolli ov quroli borligi aniqlandi.
Ikkala holatda ham qurol-aslaha va o‘q-dorilar ashyoviy dalil tariqasida olingan va A.J. va Q.M.larga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 248-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston IIV noqonuniy muomalada bo‘lgan o‘qotar qurol, uning o‘q-dorilarini, portlovchi moddalar va portlatish qurilmalarini ichki ishlar organlariga topshirish qoidalari davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgani haqida rasman axborot berdi.
O‘q-dorilarni, portlovchi moddalar va portlatish qurilmalarini bevosita fuqarolar tomonidan ichki ishlar organlariga, o‘zga davlat organlari va tashkilotlarga, profilaktika inspektorlariga yoki boshqa ichki ishlar organlari xodimlariga topshirilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Bunda, murojaat qilgan fuqaro ularning aynan qayerda ekanligini (kvartira, uy, inshoot, transport vositasi) ma’lum qiladi. Ichki ishlar organining mutaxassisi joyga chiqib o‘q-dorilarni, portlovchi moddalar va portlatish qurilmalarini xavfsiz olib ketilishini ta’minlaydi.
O‘q-dorilarini, portlovchi moddalar va portlatish qurilmalarini o‘z ixtiyori bilan topshirgan fuqarolar qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikdan ozod qilinadi.