TOShKENT, 16 okt — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 16-oktabr kuni mamlakatga amaliy tashrif bilan kelgan Checheniston Respublikasi rahbari Ramzan Qodirovni qabul qildi, deb xabar qildi o‘zbek OAVlari.
Ramzan Qodirov Mirziyoyevga samimiy qabul hamda otasi Ahmad hoji Qodirov tahsil olgan islom sivilizatsiyasining tarixiy markazlarini ziyorat qilish maqsadida mamlakatga tashrifini tashkil qilgani uchun chuqur minnatdorlik bildirdi.
Shuningdek, u ko‘p millatli o‘zbek xalqiga chuqur ehtiromini bildirib, Mirziyoyevning millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni mustahkamlash, islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini targ‘ib qilish borasida olib borayotgan siyosati va xalqaro tashabbuslariga yuksak baho berdi.
Suhbat so‘ngida Ramzan Qodirov ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli va ko‘p qirrali aloqalarni rivojlantirish va mustahkamlashda faol ishtirok etishga tayyor ekanini ta’kidladi.