TOShKENT, 16 okt — Sputnik. Checheniston rahbari Ramzan Qodirov otasi marhum Ahmad hoji Qodirov ta’lim olgan Toshkent islom institutida bo‘ldi, deb xabar qildi O‘zbekiston Musulmonlar idorasi Toshkent shahar vakilligi matbuot-xizmati.
Qodirov Toshkent shahriga safarini "Shayx Zayniddin" jome’ masjididan, ustozi shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining qabrini ziyorat qilish bilan boshladi.
Shundan so‘ng Ramzan Qodirov otasi marhum Ahmad hoji Qodirov ta’lim olgan Toshkent islom institutiga tashrif buyurdi.
Ramazon Qodirov — Chechenistonning birinchi prezidenti, Rossiya qahramoni Ahmad hoji Qodirov boshlagan tinchlik va bunyodkorlik siyosatining munosib davomchisidir.
Ahmad hoji Qodirov 1980-yillarda Toshkent islom oliy ma’hadida o‘qib, fazilatli shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlaridan bevosita tahsil olgan va umrining oxirigacha sodiq shogirdlardan bo‘lib qolgan edi. Muftiy Ahmad Qodirov chechen xalqi boshidan kechirgan eng og‘ir kunlarda xalqining dini, mustaqilligi va tinchligi uchun jon fido qilgach, Ramzan Qodirov otasiga munosib o‘rinbosar bo‘ldi.
Ramzan Qodirovning O‘zbekistonga amaliy tashrifi 2 kun davom etadi. Safarining ikkinchi kunida Checheniston rahbari Samarqand va Buxoro viloyatlarida bo‘lishi rejalashtirilgan.