TOShKENT, 15 okt – Sputnik. Bugun O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xorazm viloyatida ishchi tashrif bilan safar qilmoqda. Tashrif davomida prezident Urganch shahridagi Yoshlar markazida yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.
Shavkat Mirziyoyev viloyatning bir guruh faol yoshlari bilan uchrashib, ular bilan suhbatlashdi. Suhbatda prezident ta’lim olish samaradorligi qurilgan inshootga emas yoshlarning tashabbusida ekanligini qayd etdi.
“Biz bu kabi zamonaviy inshootlarni ko‘plab qurishimiz mumkin. Lekin uning ichida qanday ta’lim-tarbiya olish, hunar o‘rganish siz yoshlarning intilish va tashabbuslaringizga bog‘liq”, - dedi davlat rahbari.
Shuningdek, prezident turli sabablarga ko‘ra to‘g‘ri yo‘ldan adashib qolgan yoshlarni sog‘lom hayotga qaytarishda ularning tengdoshlari yordam berishi kerakligini qayd etdi.
Uchrashuvda so‘zga chiqqanlar davlatimiz rahbariga mamlakatimizda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, yigit-qizlar uchun yaratilayotgan sharoitlar va imkoniyatlar uchun minnatdorlik bildirdi.Aytish joizki, Urganch shahridagi Amir Temur nomidagi istirohat bog‘i hududida tashkil etilgan markazda yoshlar bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi uchun barcha sharoit yaratilgan. “Yosh chevarlar”, “Yosh rassomlar”, “Yosh shaxmatchilar”, “Yosh ijodkorlar”, “Yosh sartaroshlar” kabi o‘ndan ortiq to‘garak faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.