TOShKENT, 12 okt – Sputnik. Rossiyaning "Tungi bo‘rilar" ("Nochnie volki") motoklubi a’zolari O‘zbekistonning Samarqand va Buxoro shaharlarida bo‘lishadi. Bu haqda motoklub matbuot xizmati xabar qilmoqda.
Xabarda aytilishicha, 1-oktabrdan 4-noyabrga qadar "Tungi bo‘rilar" motoklubi va Rossiya mototurizm federatsiyasi "Sirli Osiyo" motoekspeditsiyasini o‘tkazadi. Ekspeditsiya doirasida baykerlar Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Tojikiston va Turkmanistonga safar uyushtirishadi.
Safar davomida motoekspeditsiyachilar Moskvadan yo‘lga chiqib 10ta shaharda, xususan, Samarqand va Buxoro shaharlarida bo‘lishadi. Ekspeditsiya jami 11 ming kilometr masofani bosib o‘tadi.
Ekspeditsiya 4-noyabr – Xalq birdamligi kuni Moskvaga qaytib keladi.
Ekspeditsiyaning maqsadi Rossiya va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash, mototurizm va sog‘lom hayot tarzini targ‘ib qilishdan iborat.
"Tungi bo‘rilar" bugun Qirg‘izistonga yetib kelishdi.