TOSHKENT, 10 oktyabr — Sputnik. Yaponiya hukumati Oʻzbekistonga kadrlar tayyorlash uchun 2,3 mln dollarlik beminnat grant ajratdi deb xabar qilmoqda Sputnik muxbiri.
Ushbu haqidagi kelishuv bugun Toshkentda Yaponiyaning Oʻzbekistondagi elchisi Nobuaki Ito va Davlat Investitsiyalar qoʻmitasi raisi Azim Axmedxoʻjayev tomonidan imzolandi. Ushbu mablagʻlar 15 nafar magistr va 2 nafar doktorlarni 2018 yilda Yaponiyaning yetakchi oliygohlarida oʻqitish uchun sarflanadi.
Yaponiya elchixonasi vakillari ushbu loyihani amalga oshirish Oʻzbekiston kelajagi uchun javobgar boʻlgan mutaxassislarga kerakli bilimlarni olish va ulardan Oʻzbekiston iqtisodini rivojlantirish uchun foydalanishda xizmat qilishiga ishonch bildirishdi.
Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston va Yaponiya turli sohalarda boshqaruv kadrlar tayyorlash masalasida izchil hamkorlikni yoʻlga qoʻygan. Yaponiya bosh vaziri Sindzo Abening 2015 yilda TOshkentga boʻlgan tashrifi davomida ushbu sohada bir qator kelishuvlarga erishilgan edi.
Oʻzbekistonlik yosh davlat xizmatchilariga Yaponiyada oʻqish imkonini berish loyihasi 1999 yildan beri amal qilib kelmoqda. Oʻtgan vaqt davomida ushbu loyiha boʻyicha 300 dan ortiq kadrlar ushbu dastur orqali Yaponiyada oʻqib kelgan.