TOShKENT, 10 okt — Sputnik. Toshkentda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston-Qirg‘iziston biznes forumi yakunlariga ko‘ra hamkorlikda avtobuslar yig‘ish va qishloq xo‘jalik texnikasini ishlab chiqarish bo‘yicha kelishuv imzolandi. Bu haqda Qirg‘iziston iqtisodiyot vazirligi xabar qildi.
Bundan tashqari, tomonlar kir yuvish mashinalari yig‘ish, dilerlik markazlari tashkil etish, kabel mahsulotlari yetkazib berishni yo‘lga qo‘yish, O‘sh shahrida ko‘ngilochar-savdo markazi qurish va Qirg‘izistonda "Artel" texnik maktabi filialini ochishga kelishib olishgan.
Shuningdek, qiymati 200 mln dollardan ziyod mahsulot yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar imzolandi.
Iqtisodiyot vazirligining xabar qilishicha, biznes forum yakunlariga ko‘ra avtomobilsozlik firmalari, ikki mamlakat zargarlar ittifoqlari o‘rtasida hamkorlik qilish bo‘yicha memorandumlar, O‘zbekistonga shina, suv, asal, o‘simlik moyi, tosh va travertin yetkazib berish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Birinchi o‘zbek-qirg‘iz biznes forumi 6-oktabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tdi. Unda ikki mamlakatdan 500dan ortiq tadbirkor ishtirok etdi. Qirg‘iziston iqtisodiyot vazirligining bildirishicha, biznes forumda ikki mamlakat o‘rtasida tovar ayirboshlashni kuchaytirish, qirg‘iz va o‘zbek bozorlaridagi talabni o‘rganish hamda marketing tadqiqotlari o‘tkazishga e’tibor qaratilgan.