TOShKENT, 9 okt — Sputnik. Vladimir viloyatida ro‘y bergan 17 kishining umriga zomin bo‘lgan mudhish YTHda avtobus haydovchisining yordamchisi hibsga olindi, deb xabar qilmoqda RIA Novosti muxbiri sud zalidan.
"Tergovchining so‘rovnomasi qondirilsin, aybdorlikda gumon qilingan Sarmatovga nisbatan hibsga olish chorasi qo‘llanilsin", — dedi sudya Olesya Mendeleyeva.
Sud qaroriga ko‘ra, Sarmatov 7-dekabrga qadar qamoqxonada bo‘ladi.
Sarmatovning besh nafar bolalari bor, lekin shunga qaramay Tergov qo‘mitasi sudga uni hibsga olish uchun murojaat qilgan. "Guvohlar xabariga ko‘ra, u O‘zbekistonda yashirinmoqchi bo‘lgan ekan", — dedi tergovchi.
"Men haydovchining yordamchisi edim. YTH sodir bo‘lgan vaqtda dam olayotuvdim, rulda boshqa haydovchi edi. Motor o‘chib qoldi, o‘t oldirmoqchi edim — iloji bo‘lmadi. Biz avtobusni surib o‘t oldirish uchun tashqariga chiqdik. Shu vaqt shlagbaumning qizil chirog‘i yonayotganini ko‘rdik. Biz hammani avtobusdan chiqarish uchun baqira boshladik.Ayrimlar mast edi. Ha, men o‘z aybimni his qilayapman", — dedi Nurgali Sarmatov.
Sarmatov aytishiga ko‘ra, transport soz holatda bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, 6-oktabr tong soat 03:39da Vladimir viloyatining Petushki tumani, Pokrov stansiyasi yaqinida poyezd temir yo‘l pereyezdi ustida dvigateli ishlamay to‘xtab qolgan avtobusni urib ketganedi. YTH oqibatida 17 kishi qurbon bo‘lgan, ularning aksariyati O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgan.