TOShKENT, 8 okt — Sputnik. Shavkat Mirziyoyevning qarori bilan Sangilov Mirodil Mirzaliyevich Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining "Xavfsiz shahar" kompleksini yaratish loyihasi bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlandi, deb xabar qilmoqda muassasa axborot xizmati.
"M. Sangilov ‘Xavfsiz shahar’ kompleksini yaratish bo‘yicha loyihani o‘z vaqtida va keng miqyosida, sifatli amalga oshirishga mas’ul bo‘ladi", — deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, "Xavfsiz shahar" — yagona uskuna-dasturiy majmuani yaratish bo‘yicha bosqichma-bosqich chora-tadbirlar dasturi O‘zbekiston prezidentining 29-avgustdagi "Axborot-kommunikatsion texnologiyalar sohasidagi loyihalarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroriga asosan joriy etilgan edi.
«Xavfsiz shahar» majmuasi ichki ishlar organlari, davlat organlari va boshqa tashkilotlari axborot tizimlari, videokuzatuv, qoidabuzarliklarni qayd etish, obyektlarni qo‘riqlash, ehtimoliy tahdidlarga javob qaytarish va ogohlantirish tizimlari, intellektual tahlil datchiklari hamda navbatchilik-dispecherlik markazlari va ma’lumotlarni qayta ishlash markazlarining qoidabuzarliklar profilaktikasi bo‘yicha boshqa axborot tizimlarini integratsiya qilishni nazarda tutadi.