TOShKENT, 6 okt — Sputnik. O‘zbekistonning Rossiyadagi elchisi Bahrom Ashrafxonov hodisa joyiga jo‘nab ketdi, deb ma’lum qildi elchixona press-attashesi Alisher Usmonov Sputnik muxbiriga.
O‘zbekiston hukumati Vladimir viloyatida sodir bo‘lgan YTHda omon qolgan va kasalxonaga yotqizilmagan fuqarolarni olib ketish uchun Toshkentdan samolyot borishini bildirdi, deb xabar qilmoqda Rossiya transport vazirligi.
"Rossiya transport vaziriga O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri o‘rinbosari Ochilboy Ramatov qo‘ng‘iroq qildi. U Vladimir viloyatida sodir bo‘lgan YTHda omon qolgan va kasalxonaga yotqizilmagan fuqarolarni olib ketish uchun Toshkentdan "Ramenskoe" aeroportiga samolyot yetib borishini ma’lum qildi. Samolyot "Ramenskoe" aeroportiga Moskva vaqti bilan 17:00da qo‘nishi kutilmoqda. Vazir aeroport rahbariyatiga rejadan tashqari samolyot qo‘nishini ta’minlashni topshirdi. Sokolov shuningdek, Vladimir viloyati gubernatori Svetlana Orlovadan fuqarolarni "Ramenskoe" aeroportiga olib borish uchun avtobuslar ajratishni so‘radi", — deb xabar bermoqda Rossiya transport vazirligi.
Eslatib o‘tamiz, bugun Rossiyaning Vladimir viloyatida "Sankt-Peterburg Nijniy Novgorod" yo‘nalishida harakatlanayotgan poyezd va avtobus ishtirokida to‘qnashuv sodir bo‘ldi. Xabarlarga qaraganda, avtobusda 55 nafar o‘zbekistonlik mehnat migrantlari bo‘lgan. Fojia oqibatida 16 kishi qurbon bo‘lganligi aytilmoqda.
"O‘zbekiston konsulligi vakillari Vladimir viloyatiga jo‘nab ketishdi, ular voqea joyida ish olib borishadi hamda hodisa sabablarini, jabrlanganlar va halok bo‘lganlar shaxsini aniqlashadi. Hozircha O‘zbekiston fuqarolari halok bo‘lganligi rasman tasdiqlangani yo‘q. Xodimlarimiz vaziyat bilan tanishganlaridan so‘ng necha kishi halok bo‘lgani, ular orasida bizning fuqarolarimiz bor-yo‘qligini aniq aytishimiz mumkin", — dedi Alisher Usmonov.