TOShKENT, 5 okt — Sputnik. Ko‘ksaroyda O‘zbekiston va Qirg‘iziston prezidentlarining tor doiradagi uchrashuvlaridan so‘ng kengaytirilgan tarkibdagi muzokaralar boshlandi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabar bermoqda.
Shavkat Mirziyoyev va Almazbek Atamboyev muloqotni ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida davom ettirmoqda.
Muzokarada O‘zbekiston bilan Qirg‘iziston o‘rtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy va hududlararo hamkorlikni yanada rivojlantirish, transport-kommunikatsiya, energetika, sanoat, qishloq va suv xo‘jaligi, madaniyat va boshqa sohalardagi aloqalarni mustahkamlash masalalari muhokama qilinmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atambayev O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan O‘zbekistonga davlat tashrifi bilan keldi.