TOShKENT, 4 okt — Sputnik. G‘arbiy Ural mashinasozlik konserni (ZUMK, Perm) uch yillik tanaffusdan so‘ng Qashqadaryo viloyatidagi Dehqonobod kaliy o‘g‘itlari zavodi uchun osma yo‘l qurishni qaytadan boshladi, deb xabar berdi RIA Novosti ZUMK vitse-prezidenti Vitaliy Suxonosovga tayanib.
"ZUMK injiniring" ishni boshladi. Tayyorgarlik va tiklash ishlari nihoyasiga yetdi — harholda uch yil davomida qurilish ishlari olib borilmagan, hozirda faol ishga kirishildi, "yo‘l xaritasi" tuzildi. Dastlabki mablag‘lar kelib tushdi", — dedi Suxonosov Toshkentda bo‘lib o‘tgan o‘zbek-rossiya biznes forumida.
U O‘zbekiston hukumati Dehqonoboddagi zavodning ishlab chiqarish quvvatini kengaytirish bo‘yicha loyihani qayta tiklash bo‘yicha qaror qabul qilganini bildirdi. Sentabrda ZUMK ish olib borgan shartnoma asosida tuzilgan qo‘shimcha kelishuv O‘zbekiston Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasida ro‘yxatga olindi.
"Bizning asosiy loyihamiz — bu dunyodagi eng uzun osma yo‘llardan biri bo‘ladi, uning uzunligi 30 kilometr. Hozirda konchilik majmuasini bitkazmoqdamiz, 2018-yil oxiriga kelib barcha ishlar yakuniga yetadi", — deya aniqlik kiritdi Suxonosov.
ZUMK 2011-yilda "O‘zkimosanoat" bilan zavod konchilik majmuasi quvvatini ikki baravarga kengaytirish bo‘yicha qiymati 128 million dollarlik shartnoma imzolagandi. ZUMK loyiha doirasida uzunligi 33 kilometrga teng bo‘lgan va yiliga 2,1 million tonna ruda tashish imkoniyatiga ega osma yo‘l ham qurishi lozim edi. Qiymati 43 million dollarga teng bo‘lgan mazkur osma yo‘l Tubetagan kaliy tuzlari konini korxona qayta ishlash majmuasi bilan bog‘laydi.
2014 yilda ZUMK O‘zbekistondagi loyihalarni amalga oshirishni vaqtinchalik to‘xtatgandi.