TOShKENT, 3 okt — Sputnik. O‘zbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Rossiyadan deportatsiya qilingan mehnat migrantlarini "qora ro‘yxat"dan chiqarish va ularning Rossiyaga kirishga taqiq muddatini kamaytirish ustida ishlamoqda. Bu haqda agentlik rahbari vazifasini bajaruvchi Xo‘jabahlil Asomovga tayanib "1news.uz" xabar qildi.
Statistik ma’lumotlarga qaraganda, o‘zbekistonlik 400 mingga yaqin mehnat migranti Rossiyadan deportatsiya qilingan va "qora ro‘yxat"ga tushgan.
Agentlik rahbarining fikricha, mehnat migrantlarining deportatsiyasi asosan ularning huquqiy ma’lumotga ega emasligi, ya’ni u yoki bu davlat qonunlarini bilmasliklari sababli ro‘y beradi.
U shuningdek, Rossiyadagi yirik ish beruvchilar bilan hamkorlik qilinayotgani, moslashuv markazlari va ishga jo‘natishdan oldingi tayyorgarlik markazlari ochilganini ma’lum qildi.
Asomovning bildirishicha, bugungi kunda Rossiyada o‘zbekistonlik 1,5 millionga yaqin mehnat migranti ishlab turibdi. Ularning 60 foizi 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlardir.