TOShKENT, 30 sen — Sputnik. O‘zbekistonning 16 oliy o‘quv yurtida sirtqi va kechki bo‘limlar ochiladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston o‘qituvchi va murabbiylariga tabrigida aytildi.
Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda zamon talabi va xalq xohish-irodasidan kelib chiqqan holda, ta’lim tizimida ulkan islohotlarni amalga oshirishga kirishildi.
"Jumladan, umumiy o‘rta ta’lim sohasida 11-yillik tizimga o‘tish, akademik litsey va kasb-hunar kollejlarini optimallashtirish, 5 ta yangi oliy ta’lim muassasasi va filiallar tashkil etish, 16 ta universitet va institutda 12 ta yo‘nalish bo‘yicha kechki va sirtqi bo‘limlar ochish, maktabgacha ta’lim muassasalari tarmog‘ini kengaytirish, nodavlat ta’lim xizmati ko‘rsatish, pedagog kadrlar va xalq ta’limi xodimlarini tayyorlash va qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish tizimini takomillashtirish bo‘yicha tadbiq etilayotgan, uzoqni ko‘zlagan islohotlarning mohiyati va ahamiyatini siz, hurmatli ustoz va murabbiylar albatta hammadan ko‘ra yaxshi tushunasiz", — deyiladi prezident tabrigida.
Bundan tashqari, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishiga oid fanlarni chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktab, Mirzo Ulug‘bek nomidagi ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktab-internati, "Astronomiya va aeronavtika" bog‘i tashkil etilmoqda.
Shuningdek, Toshkent shahrida Amerika Qo‘shma Shtatlarining nufuzli Vebster universitetining filiali ochilishi ham ilm-fan va ta’lim sohasida ilg‘or xorijiy tajriba va innovatsiyalarni joriy etish yo‘lida muhim qadam bo‘ladi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston prezidenti bugungi kundagi murakkab va muhim masalalar hamda ularning yechimi borasida ham to‘xtalib o‘tdi.
"Ularning yechimi aynan ta’lim-tarbiya bilan, yoshlarning dunyoqarashini zamonaviy bilim, yuksak ma’naviyat va ma’rifat asosida shakllantirish bilan bog‘liq ekaniga yana bir bor ishonch hosil qilamiz. Jumladan, butun insoniyatni tashvishga solayotgan terrorizm va ekstremizm kabi balo-qazolarni bartaraf etishda faqat ularning oqibatlariga qarshi kurashish bilan cheklanmasdan, birinchi navbatda bu tahdidlarni keltirib chiqarayotgan sabablarga qarshi kurashish, yoshlarni ezgu insoniy ideallar ruhida kamol toptirish eng asosiy vazifaga aylanmoqda", — ta’kidladi Mirziyoyev.