TOShKENT, 29 sen — Sputnik. Shu yilning 3-avgustida Nyu-York shahrida yo‘qolib qolgan o‘zbekistonlik Sobirjon Ahmedov topildi. Bu haqda Hozirchashu.com xabar bermoqda.
Xabarda aytilishicha, 1958-yilda tug‘ilgan Ahmedov Nyu-Yorkka kelgan kuni bedarak yo‘qolgan. U Nyu-York aeroportidan Manxettenga, avtoshohbekatga tashrif buyuradi. Ogayo shtati Sinsinnati shaharchasiga avtobus uchun chipta xarid qiladi. (Ahmedovning farzandlari Ogayo shtatida istiqomat qilishadi). Avtobus ketishiga bir oz vaqt bo‘lgani sababli avtoshohbekat yonini bir oz aylanish maqsadida soat 20:30lar atrofida ko‘chaga chiqadi va bedarak ketadi.
Uning yo‘qolganligi AQShdagi o‘zbekistonliklarni befarq qoldirmadi. Nyu-York politsiyasi bilan birgalikda bir qator ko‘ngillilar Manxetten ko‘chalari bo‘ylab qidiruv ishlarini boshlab yubordi.
27 sentabr kuni uning shahar kasalxonalaridan birida ekanligi haqida xabar tarqaldi.
Saytda yozilishicha, 6-avgust kuni (S.Ahmedov 3-avgust kuni yo‘qolgan) kuni kasalxona yaqinidan o‘tuvchi yo‘l chetida behush yotgan inson haqida xabar kelib tushadi. Tez yordam mashinasida bosh suyak qismi, chap yelka va chap qovurg‘alarning yopiq sinishi jarohati bilan "noma’lum shaxs" kasalxonaga olib kelinadi.
Shifokorlarning sa’y-harakati bilan jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli o‘tadi. Ammo bemor o‘ziga kelmaydi.
Bemor 35-40 kundan so‘ng o‘ziga keladi. Ammo vaziyatni tushuntirishga va o‘zi haqida ma’lumot berishga ojizlik qiladi. U kasalxonada davolanishda davom etadi va 27-sentabr kuni ism-familiyasini qog‘ozga yozib beradi.
Hamshira Ayesha Arif kirill yozuvidagi notanish harflar uning yaqinlarini topish uchun "kalit" bo‘lishi mumkinligi haqida taxmin qila boshlaydi va yozuvni "google" qidiruv tizmida tekshirib ko‘radi.
Qidiruv tizimida paydo bo‘lgan yozuvlar tushunarsiz bo‘lsa-da, u yerdagi suratlar hamshiraga tanish edi. Yozuvlarni "onlayn" ingliz tiliga o‘giradi va S. Ahmedovni yaqinlari qidirayotgani haqida tushunadi hamda shahar politsiyasiga xabar beradi.
Shifokorning taxminicha, S.Ahmedov yo‘l-transport hodisasi sababli jarohat olgan bo‘lishi mumkin.
Hozirda uning ahvoli ancha yaxshi. Shifokorlar keyingi haftada kichik jarrohlik amaliyoti amalga oshirilishi haqida aytib o‘tdi.