TOShKENT, 28 sen — Sputnik. Islom Karimov Fondi O‘zbekistonning Birinchi prezidenti volidalari Sanobar Karimova haqida videorolikni e’lon qildi.
Sanobar Karimova (1902-1982) sakkiz nafar farzandni dunyoga keltirib, o‘z hayotlarini ularning tarbiyasiga bag‘ishlaganlar.
Islom Abdug‘aniyevich Karimov hamisha onalarini katta mehr bilan yodga olardilar. Ayniqsa, oyilarining ovqat pishirishlari, xamir qorib, yoyishlari ko‘zlari oldidan tez-tez o‘tishini ko‘p takrorlar edilar.
Islom Abdug‘aniyevich bolalik chog‘lari oyilari bozorga borganlarida yoki qarindoshlari holidan xabar olganlarida hamisha ularga hamrohlik qilishlarini aytib o‘tganlar.
U kishi o‘z onalari nihoyatda dono va zakovatli ayol bo‘lganlarini so‘zlab berardilar. O‘g‘illari Toshkentdan Samarqandga ulardan xabar olgani kelganlarida, Sanobar aya O‘zbekiston va dunyoda sodir bo‘layotgan hodisalardan hamisha qiziqib so‘rar ekanlar.