TOShKENT, 25 sen — Sputnik. Samarqand shahridagi 12-son oilaviy poliklinikada aholini onlayn tarzda elektron ro‘yxatga olish tizimi ishga tushirildi, deb xabar qildi Sputnik muxbiri.
"Elektron poliklinika" dasturi bemorlarni yagona elektron ro‘yxatga olish va internet tarmog‘i orqali shifokor qabuliga yozilishda ko‘maklashadi. Hozirda poliklinika hududida yashovchi fuqarolarning yagona tibbiy kartasi yaratilmoqda.
Endilikda qaysi ixtisoslikdagi shifokor nechanchi xonada qabul qilishi, ish vaqti va qabul kunlari bilan tanishish mumkin. Shifokor qabuli ham telefon orqali, ham uydan chiqmagan holda elektron tarzda amalga oshirilishi mumkin.
Yana bir qulaylik, bemor shifokor qabuliga oldindan navbat olmay kelgan bo‘lsa, shu yerning o‘zida elektron tarzda navbatda turadi.
Buning uchun har bir tashrif buyuruvchi maxsus o‘rnatilgan qurilma orqali o‘z tartib raqamini olib, monitorda navbati qachon kelishini kuzatib boradi. Kutish vaqtini foydali tashkil qilish maqsadida poliklinika hududida wi-fi zona tashkil etilgan.