TOShKENT, 23 sen — Sputnik. "Lukoyl" O‘zbekistondagi Hisor konlari guruhida "Janubi-G‘arbiy Hisor" loyihasining asosiy ishlab chiqarish obyektlarini foydalanishga topshirdi, deb xabar berdi kompaniya matbuot xizmati.
"Loyihaviy quvvati yiliga 4,4 milliard kub metr bo‘lgan gazni kompleks tayyorlash, gazni dastlabki tayyorlov qurilmalari hamda oltita gaz yig‘uv punkti shular jumlasiga kiradi. Sentabr oyi holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda "Lukoyl" boshqaruvi ostidagi loyihalarda gaz qazib olish hajmi 45 milliard kub metrga yetdi", — deyiladi xabarda.
O‘zbekistonda "Lukoyl" "Qandim-Havzak-Shodi- Qo‘ng‘irot" va "Janubi-G‘arbiy Hisor" loyihalari bo‘yicha ish olib bormoqda.
O‘zbekiston Investitsiya dasturiga ko‘ra, 2017-yilda "Lukoyl" umumiy qiymati 8 milliard dollardan ortiq bo‘lgan ikkita MTBni amalga oshirish uchun 1,217 milliard dollar kiritadi. Bugungi kunda "Lukoyl"ning O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritgan sarmoyalari hajmi 6,5 milliard dollardan oshgan.