TOShKENT, 22 sen — Sputnik. Milliy xavfsizlik xizmati tezkor xodimlari Bosh prokuratura huzuridagi Departament bilan hamkorlikda Navoiy viloyatida noqonuniy ravishda valyuta oldi-sotdisi bilan shug‘ullangan shaxslarni qo‘lga oldi, deb xabar berdi Sputnik muxbiri.
Jumladan, maxsus operatsiya davomida Zarafshon shahrida yashovchi O‘tkir Isrofilov 2,5 ming dollarni 20,3 million so‘mga sotayotganida ushlandi.
"Bundan tashqari, Isrofilovning yonidan 3522 dollar, 41 400 rubl, 72 500 tenge, 1000 belorus rubli, 360 yevro, 100 yuan va 94,1 million so‘m miqdoridagi pul chiqdi", — dedi kuch ishlatish tizimi vakili.
Yana bir valyutafurush Navoiy shahridagi mashinasozlik zavodi yaqinidagi avtoturargohda qo‘lga olindi. Ilgari sudlangan Zavqiddin Bozorov sherigi Anis Xudoyqulov bilan fuqaroga 3,5 ming dollarni 28,8 million so‘mga sotishga urinishgan.
Bosh prokuratura huzuridagi Departament O‘.Isrofilov, Z.Bozorov va A.Xudoyqulovlarga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 177-moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘adi.