TOShKENT, 21 sen — Sputnik. O‘zbekistonga tashrif buyurgan Rossiya Xavfsizlik kengashi kotibi N.Patrushev boshchiligidagi Rossiya delegatsiyasi bugun Samarqand shahrida bo‘ldi, deb xabar berdi uz24.uz.
Mehmonlar dastlab O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov mangu orom topgan maskan — Hazrati Xizr majmuasini ziyorat qildi. Prezident qabriga gul qo‘yib, hurmat bajo keltirdi.
Shundan so‘ng mehmonlar Xo‘ja Doniyor maqbarasi, dunyoga mashhur Registon ansamblini tomosha qildi. Ushbu majmualar bilan tanishuv chog‘ida O‘zbekistonda tarixiy-madaniy obyektlarni asrab-avaylash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Delegatsiya a’zolari Samarqanddagi boshqa tarixiy-madaniy yodgorliklar, diqqatga sazovor joylar bilan tanishdi.