TOShKENT, 20 sen — Sputnik. Poytaxtdagi butun O‘zbekistonga mashhur "Yangiobod" eski buyumlar bozori yangi joyga ko‘chiriladi, deb xabar berdi Sputnik muxbiriga Toshkent shahar ma’muriyatidagi manba.
Tez orada eski buyumlar sotishga ixtisoslashgan bozor o‘rnida "Yashnobod" innovatsion texnoparki qurilishi boshlanadi. O‘zbekiston hukumati tomonidan bu boradagi qaror imzolangan.
"Vazirlar Mahkamasi tomonidan Toshkent hokimiyatiga ikki oy ichida bozorni poytaxtning Bektemir tumaniga ko‘chirish ishlarini yakunlash va bozor hududining yarmini "Yashnobod" innovatsion texnoparki ma’muriyati" DUKga berish topshirildi. Natijada 7,5 gektar maydonda mahalliy va xalqaro mutaxassislar ilmiy ishlanmalariga asoslangan, respublikada ishlab chiqarilmaydigan o‘ziga xos innovatsion ishlab chiqarishlarni joylashtirish rejalashtirilgan", — dedi manba.
"Yangiobod" — O‘zbekistondagi eng katta eski buyumlar sotiladigan bozor. Bunday bozorlar respublikaning har bir viloyatida bor. Toshkentda "Yangiobod"dan tashqari "Aviasozlar" bozori, Yunusobod va Chilonzorda ham ana shunday eski-tuskilar bozori mavjud.
Bu bozorning birinchi marta ko‘chirilishi emas. Bir paytla u "Tezikovka" ko‘chasi bo‘ylab joylashgan va sobiq ittifoq respublikalari orasida eng mashhur eski-tuski bozori sifatida tanilgandi.
2006 yilda bozor Toshkent chetiga ko‘chirilgan.