TOShKENT, 19 sen — Sputnik. Qozog‘istonning "Kazaxstan temir joli" AJ 2020-yilgacha "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJga 40 ming tonna rels yetkazib beradi, deb xabar qildi jamiyat matbuot xizmati.
Bu borada Toshkent shahrida o‘tkazilgan o‘zbek-qozoq biznes forumida kelishuvga erishildi.
Bundan tashqari, 2017-yil yakuniga qadar Qozog‘iston O‘zbekistonga besh ming tonna neft yetkazib beradi.
O‘zbek-qozoq biznes forumi davomida "Kazaxstan temir joli " AJ va "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ o‘rtasida strategik hamkorlik to‘g‘risida bitim imzolandi.
Bugungi kunda Qozog‘iston O‘zbekistonga salkam 5 ming tonna rels yetkazib berdi. Undan 4 ming tonnasi O‘zbekiston temir yo‘llariga va bir tonnasi Olmaliq tog‘-metallurgiya kombinatiga berildi.
Mamlakatlar yaqinda temir yo‘l sohasida hamkorlikni jadal sur’atlarda rivojlantirishni boshlagan edi. Shu yil 21-mart kunidan Toshkent va Olmaota o‘rtasida muntazam poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yilgan. Yangi tezurar poyezdda yo‘lovchilar manzilga 17 soatda yetib boradi.