TOShKENT, 18 sen — Sputnik. Qashqadaryo viloyati MXX xodimlari antikvar buyumlarning noqonuniy savdosi bilan shug‘ullanuvchilarni qo‘lga oldi, deb xabar qilmoqda Sputnik muxbiri.
O‘tkazilgan maxsus operatsiya davomida qiymati 10 rubl bo‘lgan 36ta oltin tangani 12,2 ming dollar evaziga sotishni rejalashtirgan Koson tumanida yashovchi 35 yoshli Bobir Nomatov va 34 yoshli Qarshilik Farxod Maxmudovlar qo‘lga olingan. Tekshiruv vaqtida ularning cho‘ntaklaridan yana 4ta ana shunday tanga topilgan.
"Ekspertiza o‘tkazish uchun tangalar Markaziy bank huzuridagi Qimmatbaho metallar agentligining Davlat probir palatasiga topshirilgan. Ekspertiza 40 ta tanga 900 probali oltindan yasalganini va ularning umumiy og‘irligi 343,5 grammligini hamda tangalar 1898 — 1903-yillarda ishlab chiqarilganini ko‘rsatdi", — dedi muassasa vakili.
Qashqadaryo viloyatining Soliq va valyuta jinoyatlari bo‘limi ushbu ish yuzasida jinoiy ish qo‘zg‘atdi.
Internetdan olingan qo‘shimcha ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu tangalar Chor Rossiyasida Nikolay II davriga taaluqlilik ehtimoli juda katta. Nikolay II davrida ishlab chiqarilgan oltin tanganing diametri 22,5 mm, qalinligi 1,7 mm, og‘irligi 8,6 gramm, tiraji 6 mln dona. Bugungi kunda ushbu tangalar saqlanib qolgan holatiga qarab 350-650 dollar turadi.