Ochilish marosimi Ashxobodagi Olimpiya stadionida bo‘lib o‘tdi. Ushbu kun muhtasham sport majmuasida ko‘plab mamlakatlardan kelgan davlat va hukumat rahbarlari, Osiyo olimpiya kengashi rahbariyati, faxriy mehmonlar va 45 ming tomoshabin jamlandi.
Tadbir boshida Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov Osiyo o‘yinlarini rasman ochiq, deb e’lon qildi. Shundan so‘ng Osiyo olimpiya kengashi prezidenti Shayx Ahmad al-Fahad as-Saboh barchani ushbu sport bayrami bilan qutladi. So‘ngra Osiyo o‘yinlari madhiyasi yangradi.
Olimpiya bayrog‘i ko‘tarilib va mash’alasi yoqilganidan so‘ng, an’anaga muvofiq, stadionga ishtirokchi davlatlar sport delegatsiyalari kirib kela boshladi.
Eslatib o‘tamiz, Yopiq inshootlarda va jang san’atlari bo‘yicha V Osiyo o‘yinlarida 60 dan ortiq mamlakatdan sportchilar ishtirok etmoqda. Turkmaniston hukumati ushbu nufuzli xalqaro sport anjumanini yuksak saviyada o‘tkazish uchun puxta tayyorgarlik ko‘rgan. Sportchilar va murabbiylar yashashi, mashg‘ulotlar o‘tkazishi va madaniy hordiq chiqarishi uchun barcha sharoit yaratilgan.