TOShKENT, 16 sen — Sputnik. Qo‘shni davlatlarning bir nechta shaharlari Qozog‘iston territoriyasidan o‘rin olgani aks ettirilgan xarita — bu oddiy xatodan boshqa narsamas, dedi Qozog‘iston Axborot va kommunikatsiyalar vaziri Dauren Abayev.
Ilgariroq qator OAVlar tomonidan "Kazinform" davlat axborot agentligi saytida e’lon qilingan maqolada Qozog‘iston territoriyasi grafik chizmalar orqali ko‘rsatib berilgani va bu chizmalarda Rossiya va O‘zbekistonning bir nechta shaharlari Qozog‘iston tarkibiga kiritilgani aks ettirilgani haqida xabar berilgan edi.
"Bir nechta saytlarda muhokamaga sabab bo‘lgan xaritaning chop etilishi hech qanday siyosiy tusga ega emas va sayt muharririning oddiy xatosi tufayli kelib chiqqan. Material davlatning lotin grafikasiga o‘tishi munosabati bilan chop etilgan", — deb ta’kidlagan Sputnik Qozog‘iston saytiga Abayev.
Vazir shuningdek, "Kazinform" rahbariyati ushbu holatga to‘liq oydinlik kiritdi, deya ishontirgan.
"Biz barcha davlatlar bilan do‘stona munosabatlardamiz, davlat chegarasi masalasiga kelsak, davlat rahbarlari darajasida tegishli hujjatlar imzolangan", — deb qo‘shimcha qilgan vazir.
Eslatib o‘tamiz, avgust oyi o‘rtalarida rossiyalik amaldorlar Qozog‘istonga ikki davlat o‘rtasida joylashgan "Sladkoe" ko‘lini in’om qilishgan edi. Sal vaqt o‘tib ushbu xabar Federal Xavfsizlik xizmatining Novosibirsk viloyati bo‘yicha chegara boshqarmasi tomonidan rad etildi. Rossiyadagi Qozog‘iston elchixonasi ham ushbu xabarlarga raddiya bergan edi. Ma’lum bo‘lishicha, vaqt o‘tishi bilan ko‘l qurigan va shu bois, to‘liq Qozog‘iston hududiga o‘tib qolgan, ammo bu bilan davlat chegarasi o‘zgarmagan.