TOShKENT, 15 sen — Sputnik. Rossiyada bo‘lib o‘tayotgan O‘zbekiston madaniyati kunlari munosabati bilan Moskvaga tashrif buyurgan O‘zbekiston madaniyat vaziri Baxtiyor Sayfullayev Sputnik axborot agentligi va NTV telekanali hamkorligida o‘tkazilayotgan xalqaro "Ti super. Tansi" tanlovining o‘zbekistonlik ishtirokchilari bilan uchrashdi.
"San’at muqaddas. Unga ilk qadam qo‘yganingiz bilan tabriklayman. Sizlar hamisha prezidentimiz, hukumatimiz nazarida turasizlar. O‘zbek xalqi iste’dodlarga boy. Biz sizlarday yoshlar bilan faxrlanamiz. Sizlar O‘zbekistonning kelajagisizlar, o‘zbek san’atini jahonga tanitadigan avlodsizlar. Sizlarni hamisha qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz", dedi madaniyat vaziri.
Baxtiyor Sayfullayev o‘zbekistonlik yosh iste’dodlarga hamisha kitob bilan oshno bo‘lishni maslahat berdi hamda ularga omad tiladi.
Qizlar shuningdek, Moskvadagi "Kosmos" konsert zalida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston san’at ustalari ishtirokidagi konsertda ham chiqish qildilar.
Eslatib o‘tamiz, Sputnik axborot agentligi va NTV telekanali hamkorligida o‘tkazilayotgan "Ti super! Tansi" tanlovida Toshkent viloyati Bo‘ka tumanidagi bolalar uyi tarbiyalanuvchilari Anastasiya Molokova, Durdona Ergasheva va Monika Dodarbekovalar ishtirok etishmoqda. Ular tanlovning birinchi bosqichida g‘oliblar safidan joy olishdi hamda keyingi bosqichga chiqishdi.