TOShKENT, 8 sen — Sputnik. Toshkentdagi Humo Arena muz saroyi majmuasi loyihasini ishlab chiqqan Janubiy Koreyaning Heerim Architects kompaniyasi qurilayotgan obyekt chizmalarini namoyish etdi, deb xabar bermoqda Sputnik muxbiri.
Chizmalarga ko‘ra, u shisha va metalldan xaytek uslubida tiklangan inshoot bo‘ladi. Unga shuningdek "aqlli" va yashil texnologiya ham joriy etiladi. Yangi muz saroyi o‘zida zamonaviy arxitektura yechimlari, ilg‘or texnologiyalar va milliy an’analarni mujassam etadi. Uning nomi ham bejiz tanlanmagan — uning shakli afsonaviy Humo qushi qanotlari ko‘rinishida.
Koreya kompaniyasining bildirishicha, majmuada 12500 o‘rinli muzli maydon bo‘ladi. Saroy atrofida barcha infrastruktura, xususan 200 avtomobilga mo‘ljallangan turargoh, bolalar parki va bir nechta restoranlar bunyod etiladi.
"Muz saroyi keng miqyosli majmua bo‘lib, bu yerda xokkey, short-trek, figurali uchish hamda boks, basketbol, voleybol musobaqalari, konsertlar o‘tkazish mumkin bo‘ladi. Bundan tashqari, O‘zbekiston seysmik faol mintaqada joylashgani hisobga olinib, majmua 9 balli zilzilaga bardosh beradigan tarzda quriladi", — deb ma’lum qildi Heerim Architects.
Qayd etish joiz, mazkur kompaniya Toshkent aeroporti xalqaro terminali loyihasini ham ishlab chiqqan.