TOShKENT, 5 sen — Sputnik. Tashrif doirasida "Ala-Archa" davlat qarorgohida O‘zbekiston rahbarining Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atambayev bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Birinchi bo‘lib Atambayev so‘zga chiqdi. U mazkur tashrifni ikki mamlakat ahli 25-yil kutganligini aytdi.
"Ishonchim komil va soxta kamtarliklarsiz e’tirof etishni istardim, bu tashrif — xalqlarimiz uchun tarixiy voqea. O‘ylaymanki, bugungi tashrif ko‘plab muammolarga barham beradi va ikki qardosh xalq munosabatlarida yangi davrni ochib beradi", — dedi Atambayev.
O‘zbekiston prezidenti "ushbu tarixiy kun tezroq kelishi uchun imkon boricha harakat qilinganligini" bildirdi.
"O‘tgan 20-25 yil davomida yetarlicha hal qilinmagan ko‘plab muammolar mavjud edi. Samarqanddagi uchrashuvimiz ruhi yangi o‘zaro munosabatlarimizga asos soldi, biz hamkorlik qilishni, suhbatlashishni boshladik ", — dedi Mirziyoyev.
U O‘sh va Andijon viloyatlari delegatsiyalarining tashrif almashuvlari o‘zbekistonliklar uchun o‘ziga xos bayram sifatida qarshi olinganligini e’tirof etdi.
"Barchasini joy-joyiga qo‘ymasak, tarix bizni kechirmasdi. Chingiz Aytmatov aytganidek, biz bir tilda gaplashamiz va qonimiz ham bir, shu bois bu ishni amalga oshirishimiz darkor. Bizning strategiyamiz qo‘shnilar bilan yaqin bo‘lishdir. Qirg‘iziston bizning strategik hamkorimiz hisoblanadi. Shunday ish qilaylikki, tarix oldida munosib javob bera olaylik", — qayd etdi Mirziyoyev.
Prezident hali hech qachon O‘zbekiston delegatsiyasi bunday tarkib, xususan, to‘rt nafar hokim bilan tashrif buyurmaganligini aytdi.
"Men o‘zaro uchrashish masalasini hokimlar o‘zlari hal qilishlarini, uchrashaylikmi-yo‘qmi deya markazdan so‘ramasliklarini chin dildan istayman. Shuningdek, xalq diplomatiyasi ham muhim ahamiyatga ega — parlamentlar uchrashishlari lozim. Shunday qilmasak, qator yo‘nalishlar bo‘yicha soatlarni to‘g‘rilash vaqti kelganida kech qolamiz", — dedi Mirziyoyev.
O‘zbekiston rahbari Bishkekda bo‘lib o‘tgan biznes-forum davomida har ikki mamlakat tadbirkorlari hamkorlik qilish istagini bildirishganini, ularga to‘siq qo‘ymaslik kerakligini qayd etdi.
"Bizga bahoni faqatgina xalq beradi. Men ajdodlarimiz boshlab bergan tarix bo‘yicha yashay boshlashimizni istayman. Bir-birimizsiz xalqlarimiz oldimizga qo‘ygan marralarni egallay olmaymiz. Birgalikda, tinch va o‘zaro hurmat bilan hayotdagi maqsadlarga erishish kerak", — dedi O‘zbekiston prezidenti, deb yozadi Sputnik Qirg‘iziston.