TOShKENT, 4 sen — Sputnik. O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qirg‘iziston rahbari Almazbek Atambayev taklifiga binoan 5-6 sentabr kunlari davlat tashrifi bilan Qirg‘izistonda bo‘ladi, deb xabar qildi O‘zbekiston Hukumat portali.
Oliy darajadagi uchrashuv va muzokaralar chog‘ida O‘zbekiston va Qirg‘iziston Prezidentlari o‘zaro munosabatlarni rivojlantirishning asosiy masalalari, siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlash istiqbollari, ikki mamlakatning chegaraoldi hududlari aloqalarini faollashtirish, shuningdek, tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro muammolarni muhokama qiladilar.
Muzokaralar yakunlari bo‘yicha ikki davlat rahbarlarining Qo‘shma bayonoti, O‘zbekiston-Qirg‘iziston davlat chegarasi haqidagi shartnoma, mamlakatlarimiz o‘rtasida turli sohalardagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan boshqa qator hujjatlar imzolanishi rejalashtirilgan.