TOShKENT, 4 sen — Sputnik. Kuni kecha O‘zbekiston prezidentining "Valyuta siyosatini liberallashtirish bo‘yicha dastlabki chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi Farmoni e’lon qilingan edi. Hujjatda 5-sentabrdan boshlab O‘zbekistonda valyutani erkin almashtirish mumkinligi qayd etilgan edi.
Kuni kecha viloyatlardagi "qora bozor"larda yuz dollar narxi 770-760 ming so‘mni tashkil qilgan bo‘lsa, bugungi kunda valyutachilar xalqdan 100 dollarni 730-750 ming so‘mdan sotib olishmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyevning kuni kecha e’lon qilingan Farmonida O‘zbekistondagi "qora bozor"larni yo‘q qilish ham ko‘zda tutilgan. Samarqand viloyatining ayrim tumanlarida noqonuniy valyuta savdosi bilan shug‘ullanadigan do‘konlari oldida tong sahardan ichki ishlar xodimlari navbatchilik qilishgani kuzatilgan bo‘lsa-da, soat 10lardan boshlab ushbu do‘konlar o‘z faoliyatini odatdagi tarzda davom ettira boshladilar.
Valyutachilar faoliyatida faqat dollar kursida o‘zgarish — ya’ni kursning pasayishi yuz berdi, xolos.