TOShKENT, 1 sen — Sputnik. Ayni vaqtda Toshkentdagi Oqsaroy qarorgohi oldida buyuk davlat va siyosat arbobi, mustaqil O‘zbekiston asoschisi, birinchi Prezident Islom Karimov xotirasiga bag‘ishlab bunyod etilgan haykal poyi gullarga burkangan, deb xabar qildi Hukumat portali matbuot-xizmati.
"Birinchi Prezidentimiz aziz umrini jonajon yurtimiz, xalqimiz baxtu saodati, bugungi tinch va farovon kunlarimizga bag‘ishladi, xalqimiz o‘y-fikri bilan yashadi. Islom Karimovdan ozod va obod Vatan meros bo‘lib qoldi", — deyiladi xabarda.
Namangan viloyatidan kelgan mehnat faxriysi Sobirjon Otajonov birinchi prezident Islom Karimov xotirasi har bir O‘zbekiston fuqarosining yuragidan chuqur joy olganini e’tirof etdi.
"U kishi bizga bebaho meros — mustaqillikni in’om etdi. Hozir xayolimizdan ko‘p xotiralar o‘tayapti, hayot yo‘llarini mushohada qilayapmiz. Birinchi Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshgan g‘oyat ulug‘ va mardonavor ezgu ishlarni munosib davom ettirishda sobitqadam bo‘lishimiz kerak. Bugun Islom Karimov haqiga duolar qildik, Yaratgandan yurtimizga tinchlik, xalqimizga omonlik, xayrli amallarimizga bardavomlik tiladik", — dedi veteran.