TOShKENT, 1 sen — Sputnik. 9-sentabr kuni poytaxtdagi "Bunyodkor" stadionida jangovar yakkakurashlar bo‘yicha "Asian fight — 2017" xalqaro turniri bo‘lib o‘tadi.
O‘zbekiston Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi, Sharq yakkakurashlari va jang san’atlarini rivojlantirish markazi, O‘zbekiston penchak silat federatsiyasi, Uzmobile kompaniyasi tomonidan qator davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda tashkil etilayotgan turnirda o‘zbek yakkakurash ustalari bilan birga o‘nga yaqin davlatdan kelgan sportchilar o‘zaro kuch sinashadi.
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida mazkur xalqaro turnir oldidan tashkilotchilar, sportchilar va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirokida matbuot anjumani tashkil etildi, deb xabar bermoqda "Jahon" AA.
Ushbu turnirda sportning yakkakurash turlari bo‘yicha Osiyo va jahon chempionatlarida sovrinli o‘rinlarni egallagan Mahmud Murodov, Anvar Boynazarov, Jasur Mirzamuhammedov, Ulug‘bek Umarov, Hasanxon Baratov, Muhammadali Toshturg‘unov, Isroil Rasulov, Ayubxon Kamolov va Ahliddin Mirzadavlatov O‘zbekiston sharafini himoya qiladi.
Anjumanda jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob berildi.