TOShKENT, 30 avg — Sputnik. Birlashgan Millatlar Tashkilotining qarorgohida Islom hamkorligi tashkilotiga a’zo davlatlar doimiy vakillarining navbatdagi uchrashuvi doirasida "Mahalla — O‘zbekistondagi fuqarolik jamiyatining noyob instituti" mavzuyiga bag‘ishlangan brifing bo‘lib o‘tdi, deb xabar qildi "Jahon" AA.
Brifing chog‘ida O‘zbekistonda qadim-qadimdan mahalla ta’sirchan madaniyat o‘chog‘i, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarishining ishchan organi, odamlarga eng yaqin tizim va fuqarolik jamiyatining noyob instituti bo‘lib kelgani qayd etildi.
O‘n minglab fuqarolar yig‘inlari bugungi kunda 30 dan ziyod ijtimoiy va iqtisodiy ahamiyatga molik bo‘lgan vazifalarni bajarayotgani, ular ilgari davlat hokimiyati organlari vakolatiga tegishli bo‘lgani bilan bog‘liq ma’lumotlar ham uchrashuv qatnashchilarining e’tiboriga havola etildi. O‘zbekiston rahbari tomonidan jamiyatda huquqiy madaniyatni yanada yuksaltirish borasida mahalla institutining imkoniyatlaridan samarali foydalanishga katta ahamiyat qaratilayotgani alohida ta’kidlangan.
Bundan tashqari, brifing qatnashchilari prezident Mirziyoyevning joriy yil fevralida tasdiqlagan "Mahalla institutini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Farmonining mazmun-mohiyati, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini yaxshilashning beshta ustuvor yo‘nalishi bilan ham tanishganlar.
Brifingda huquqiy demokratik davlat barpo etish va kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirish uchun noyob institut sifatida mahalla tajribasidan boshqa mamlakatlarda ham foydalanish mumkinligi qayd etilgan.