TOShKENT, 30 avg — Sputnik. “Angren” erkin iqtisodiy zonasi hududida zamonaviy keramogranit va sirlangan keramik plitka ishlab chiqarish majmuasi ishga tushdi, deb xabar qilmoqda Sputnik muxbiri, Investitsiyalar qo‘mitasi xabariga asosan.
Korxonaning umumiy qiymati 21 million dollardan ortiq, undan 20,9 mln dollari – to‘g‘ri chet el investitsiyalari. National Ceramics qo‘shma korxonasi Xitoyning Gulf Cable Trading Company va o‘zbekistonlik hamkorlar ishtirokida barpo etilgan.
Qo‘mita matbuot xizmati xabariga ko‘ra, korxonaning yillik quvvati 2 mln kvadrat metr keramogranit va 2,5 mln kvadrat metr keramik plitkani tashkil qilar ekan. Rejaga ko‘ra ushbu mahsulotning 30% eksport uchun mo‘ljallangan.
O‘zbekiston yaqin besh yil ichida, yangi korxonalarni ishga tushirish evaziga, keramogranit qurilish materiallari importini bir necha barobar qisqartirishni rejalashtirgan.
“Angren” EIZda 2018-yil oxiriga qadar keramogranit mahsulotlari ishlab chiqaruvchi yana bir yirik zavod paydo bo‘lishi kerak. Ikkinchi loyiha Italiyaning Siti B&T Group kompaniyasi tomonidan amalga oshirilmoqda. Korxonada yiliga 4,5-5,5 million kv.metr mahsulot ishlab chiqarish rejalashtirilmoqda. Loyihaning umumiy qiymati 37 mln dollardan ortiq.