TOSHKENT, 27 avg — Sputnik. Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyatiga tashrif uyushtirdi, deb xabar qilindi Oʻzbekiston prezidenti rasmiy saytida.
Xabarga koʻra, Mirziyoyev Samarqand viloyatiga tashrifini Hazrati Xizr majmuasidagi Oʻzbekistonning Birinchi prezidenti Islom Karimov qabrini ziyorat qilishdan boshlagan.
Mirziyoyev Islom Karimov maqbarasida olib borilayotgan qurilish va obodonlashtirish ishlari bilan tanishgan.
Eslatib oʻtamiz, Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Samarqanddagi Hazrati Xizr majmuasida juda katta hajmdagi qurilish, hududni obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda. Majmua loyihasi takomillashtirilib, maqbara granit va marmar bilan qoplangan. Maqbara peshtoqi va unga tutash ayvon milliy naqshlar asosida bezatilib, unga Qurʼoni Karim oyatlari bilan birga Islom Karimovning hikmatli soʻzlari bitilgan.
Mirziyoyev majmuada olib borilayotgan ishlarni mantiqiy yakuniga yetkazish, ziyoratchilarga tegishli sharoitlar yaratish, unga yondosh qabristonni obod qilish boʻyicha oʻz tavsiyalarini bergan.

Mirziyoyevning Samarqand viloyatiga tashrifi davom etmoqda.