TOShKENT, 26 avg — Sputnik. 25-avgust kuni Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi rasmiy saytida qidiruvdagi shaxslar haqida xabar berilgan edi.
Qidirilayotgan shaxslar haqida ma’lumotlar ichiga, ulardan biri "viloyatliklarga o‘xshab kiyingan"ligi ta’kidlangandi.
"Viloyatliklarga o‘xshab kiyingan" degan gap ko‘pchilik tomonidan qattiq tanqid qilindi.
Ana shundan so‘ng IIBB o‘z rasmiy saytida ushbu iboraga izoh berib o‘tishga majbur bo‘ldi.
Ichki ishlar bosh boshqarmasi rasmiy sayti yuqoridagi jumla sayt xodimining e’tiborsizligi tufayli kelib chiqqanligini ma’lum qildi:
"Shuni ma’lum qilamizki, Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi tomonidan yurtimiz fuqarolari bunday atama bilan toifalanmaydi, bunday holat xabarni tayyorlagan xodimning e’tiborsizligi tufayligina kelib chiqqan. Buni hech qanday g‘araz maqsad emas, shunchaki tushunmovchilik sifatida qabul qilinishini so‘rar edik".
Xabarda aytilishicha, hozirda xodimga nisbatan tushuntirish ishlari olib borilgan.