TOShKENT, 23-avgust — Sputnik. O‘zbekistonlik MMA (aralash jang san’ati) jangchisi Murod Xonto‘rayev chempionlik unvoni uchun jang o‘tkazadi. Bu haqda sports.kz xabar qilmoqda.
Xabarda aytilishicha, 26-avgust kuni Ostona shahridagi EXPO-2017 xalqaro ko‘rgazmasi maydonidagi amfiteatrda boks kechasi o‘tkaziladi. Unda professional boks va aralash jang san’ati bo‘yicha bahslar bo‘lib o‘tadi.
"Osiyo ayig‘i" laqabi bilan tanilgan Murod Xonto‘rayev ALASH PRIDE FC tasnifida og‘ir vaznda ukrainalik Yuriy Protsenko bilan chempionlik unvoni uchun bahslashadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Murod Xonto‘rayev 1987-yil 4-iyul kuni Toshkent shahrida tavallud topgan. MMAning WEF yo‘nalishi, qo‘l jangi profi yo‘nalishi R-1 va Muaytay profi yo‘nalishi K-1 kamari sohibi. Universal jang va qo‘l jangi bo‘yicha Osiyo va jahon chempionatlari sovrindori.