TOShKENT, 23-avgust — Sputnik. Uchuvchisiz uchar qurilmalardan foydalanishni yanada rivojlantirish hamda ularni iqtisodiy sohalarda maqsadli va tizimli qo‘llash maqsadida Normativ huquqiy hujjatlar muhokamasi portaliga Vazirlar Mahkamasining qarori muhokama uchun joylashtirildi.
Hujjatga muvofiq, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri bo‘yicha Davlat qo‘mitasi huzurida "Innovatsion markaz" ilmiy-ishlab chiqarish korxonasini tashkil etish rejalashtirilmoqda. Korxona uchuvchisiz uchar qurilmalar va ularning ehtiyot qismlarini ishlab chiqarish, ularni ta’mirlash va texnik xizmat ko‘rsatish hamda uchuvchisiz uchar qurilmalarni boshqarish sohasida mutaxassislar tayyorlash bilan shug‘ullanadi.
Qurilmalarni ijaraga berish, ta’mirlash va texnik xizmat ko‘rsatishdan tushadigan mablag‘lar, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri bo‘yicha Davlat qo‘mitasining yer munosabatlari va davlat kadastrini rivojlantirish fondi mablag‘lari hamda qonun bilan taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar korxonaning moliyalashtirish manbasi sifatida belgilanadi.
Korxona buyurtmachilar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida uchuvchisiz uchar qurilmalarni qo‘llash orqali xizmat ko‘rsatish huquqiga ega bo‘ladi.