TOShKENT, 23 avg — Sputnik. Qozog‘iston Respublikasi Bosh prokuraturasining taklifiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi xodimlaridan iborat O‘zbekiston delegatsiyasi xizmat tashrifi bilan Ostona shahrida bo‘ldi, deb xabar berdi O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot-xizmati.
Seminar-treningning maqsadi transmilliy moliyaviy jinoyatlarni tergov qilish va noqonuniy aktivlarni qaytarish, mintaqa davlatlarida to‘plangan tajribani o‘zaro almashish, yuqori darajadagi zarur bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan kadrlarni tayyorlash sohasida mutaxassislarning malakasini oshirish bo‘ldi.
Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Pokiston davlatlarining huquqni muhofaza qiluvchi organlari xodimlari ham besh kunlik trening tinglovchilari bo‘lishdi.
Tashrif dasturiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining Oliy o‘quv kurslari va Qozog‘iston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Huquqni muhofaza qiluvchi organlar Akademiyasi o‘rtasida memorandumni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Memorandumda ta’lim, ilmiy-tadqiqot va innovatsion sohalardagi hamkorlikni amalga oshirish ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, O‘zbekiston delegatsiyasi Qozog‘iston Respublikasi prokuraturasi organlari tizimidagi islohotlarning borishi va natijalari bilan tanishdilar.