TOShKENT, 23 avg — Sputnik. Ra’no Hamroyeva Buxoroda bo‘lib o‘tgan "Adolatli qaynona" ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichida g‘olib deb topildi, deb xabar qildi Buxoro viloyati matbuot-xizmati.
Ishtirokchilarning farzand tarbiyasi, O‘zbekiston Respublikasining Oila kodeksi, partiya faoliyatiga doir bilimi va dunyoqarashi sinovdan o‘tkazilgan.
G‘olibni aniqlashda ayollarning o‘z mahallasida tashabbuskorligi, ijtimoiy daxldorligi, oila va mahalla munosabatlari bilan bog‘liq milliy an’analar, yoshlarning ma’naviyati, madaniyati va ma’rifatini yanada yuksaltirish orqali oilalarda barkamol avlodni ulg‘aytirishdagi ibratli tajribasiga ham e’tibor qaratilgan.
Birinchi o‘rinni egallagan Ra’no Hamroyevaga tanlovning mamlakat bosqichiga yo‘llanma berilgan.
Shuningdek, tanlovda Jondor tumanidan partiya a’zosi Soliha Qo‘ziyeva ikkinchi, Kogon shahar vakilasi Muhabbat Saidova uchinchi o‘rinni egallagan.