TOShKENT, 22 avg —Sputnik. Toshkentlik haydovchi shahar ko‘chalarini ta’mirlash boshqarmasidan 1,2 mln so‘m undirib oldi, deb xabar qilmoqda "Voditeli Tashkenta" guruhi.
"Mana yo‘l ta’mirlash xizmati bilan bo‘lgan tortishuv ham yakuniga yetdi! Natija: yo‘ldagi chuqurga tushib ketgani uchun haydovchi aybdor emas! Moddiy zararni yo‘l ta’mirlash xizmati qoplashga majbur!", — deb yozgan Yuri Chi ismli haydovchi "Voditeli Tashkenta" guruhida.
Xabarda aytilishiga ko‘ra, to‘lov miqdori 1 250 000 so‘m. Yetkizilgan zarar miqdori 250 000 so‘m, 1 mln so‘m esa ma’naviy zarar va boshqa xarajatlar.
"Natijadan juda xursandman. Bir-ikki kunda pul hisob raqamimga tushishini kutib turibman. Sud qarori bor!", — deb so‘zini davom ettirgan haydovchi.
Voqea boshi aslida bunday bo‘lgan edi. Bundan 6 oy oldin, 21-fevral kuni avtomobilda ketayotgan Yuri Chi Yunusobod ko‘prigi ustida katta chuqurga tushib ketadi. Natijada avtomobil g‘ildiragi jiddiy shikastlanadi. Haydovchi YPX xodimlarini chaqirib YTH, qonunga muvofiq rasmiylashtiradi. Shundan so‘ng avtomobilni kerakli texnik ekspertizadan o‘tkazadi va Yo‘l ta’mirlash xizmatini sudga beradi.
"Albatta, 20 ming so‘mga diskamni tekislab jimgina ketaversam bo‘lar edi, lekin tizimni sinab ko‘rgim keldi", — degan edi o‘shanda haydovchi.
Natijadan ko‘rinib turibdiki, O‘zbekistonda yo‘l nosozligidan zarar ko‘rganlar yo‘l xizmatidan zararni undirib olishi mumkin, sudga berishga erinmasa bo‘ldi…