TOShKENT, 17 avg — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ichki ishlar organlari xodimlari bilan soha islohotlarini muhokama qildi, deb xabar berdi prezident matbuot-xizmati.
Majlisda jinoyatlarni fosh etish, jinoyatchilarni topish va ushlash borasidagi ishlar tanqid qilindi.
Shu bois Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, Milliy xavfsizlik xizmati, Oliy sud tegishli tashkilotlar bilan birgalikda bu sohada ichki ishlar organlari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarni tanqidiy tahlil qilib, axborot berishi belgilandi.
Mirziyoyev barcha kamchiliklar avvalo zamirida ichki ishlar organlarida kadrlar tanlash, joy-joyiga qo‘yish, qayta tayyorlash bo‘yicha ishlar ahvolining qoniqarsizligi bilan bog‘liqligini qayd etdi.
Joriy yilda ichki ishlar organlari xodimlariga nisbatan 223 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani, 462 xodim intizomiy jazoga tortilgani buning yaqqol tasdig‘idir. Shu bilan birga ichki ishlar organlari xodimlari sodir etgan jinoyatlar yashirish, ro‘yxatga olmaslik holatlari kuzatilmoqda. Bu qog‘ozda jinoyat ko‘rsatkichlarini sun’iy ravishda pasaytirishga, o‘z xodimlarini himoyalashga urinishdan boshqa narsa emas.
Sohada kadrlar masalasini samarali hal qilish maqsadida Mirziyoyev tashabbusi bilan Ichki ishlar akademiyasiga o‘qishga kirish uchun test sinovlari bekor qilinib, yangi tartib belgilandi. Unga ko‘ra, Ichki ishlar vazirligining oliy ta’lim muassasalariga nomzodlarni maqsadli tayyorlaydigan akademik litseylar tashkil etiladi. 2020-yildan boshlab tinglovchilar o‘qishga mana shu litseylar bitiruvchilari va ichki ishlar organlari xodimlari orasidan suhbat va kasbiy tanlov asosida qabul qilinadi.
Mirziyoyev tegishli mutasaddilarga bu ishlarni faollashtirish yuzasidan topshiriq va ko‘rsatmalar berdi.