TOShKENT, 16 avg — Sputnik. Shavkat Mirziyoyev 2019-yilning 1 yanvaridan boshlab chiqish stikerlarini bekor qilish va xorijga chiqish pasporti joriy qilish haqidagi qarorni imzoladi, deb xabar qilmoqda O‘zbekiston mahalliy OAVlari.
Ushbu yilning fevral oyida Shavkat Mirziyoyev vazirlik va muassasalarga O‘zbekiston pasport-viza hamda kirish-chiqish tizimini mukammalashtiruvchi choralar ishlab chiqishni topshirgan edi. Xususan, 1995-yildan beri amal qilayotgan, xorijga chiqish stikerlarini bekor qilib chet elga chiqish uchun alohida pasport joriy qilish tizimini kiritish rejalashtirilgan edi.
“Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazining 2019-yilning 1-yanvaridan boshlab O‘zbekiston fuqarosining chet elga chiqish biometrik pasportini joriy qilish haqidagi taklifi ma’qullansin”, — deyilgan prezident qarori matnida.
Ushbu qaror, shuningdek, 2019-yilning birinchi yanvaridan boshlab chet elga chiqishga ruxsat beruvchi stiker berish tartibini bekor qiladi.
Qarorda aytilishiga ko‘ra, 2011-yilda kiritilgan va bugungi kunda amal qilayotgan O‘zbekiston fuqarosining biometrik pasporti, O‘zbekiston hududida fuqaro shaxsini aniqlovchi hujjat sifatida qabul qilinadi.
Fuqarolar 2021-yilning 1-yanvariga qadar, viza talab qilinmaydigan mamlakatlar hududiga, bugungi kunda amal qilayotgan (yashil) pasport bilan borishlari mumkin.