TOShKENT, 16-avgust — Sputnik. Qirg‘iziston O‘zbekistonning uzoq muddatli hamkori hisoblanadi, dedi O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov o‘zbek-qirg‘iz davlat chegarasini delimitatsiya va demarkakatsiya qilish bo‘yicha hukumatlararo komissiyalar yig‘ilishida. Bu haqda Sputnik Qirg‘iziston xabar bermoqda.
Aripov Qirg‘iziston O‘zbekiston bilan uzviy bog‘liq ekanligini bildirdi.
"Qirg‘iziston bizning ishonchli va uzoq muddatli hamkorimiz. Ikki xalq taqdiri bir-biri bilan uzviy bog‘liq, an’analarimiz umumiy. O‘zbekiston qo‘shnilar, xususan Qirg‘iziston bilan munosabatlarda ochiq, ahil va pragmatik siyosat tarafdori. Biz ahil qo‘shnichilik va o‘zaro manfaatlarni hisobga olish tamoyillari asosida hamkorlikka tayyormiz", — dedi Aripov.
Bosh vazir O‘zbekistonning turli shaharlarida Qirg‘iziston mahsulotlari ko‘rgazmalarini o‘tkazish rejalashtirilayotganini ma’lum qildi hamda xuddi ana shunday ko‘rgazmalar Qirg‘izistonda ham o‘tkazilishiga umid bildirdi.
"Bu yil O‘zbekistonda Qirg‘iziston madaniyati kunlarini tashkil etishni taklif qilaman, kelgusi yili esa aksincha. Mamlakatlarimizda kino kunlari o‘tkazish uchun filmotekalar almashishimiz lozim", — dedi u.
O‘zbekiston bosh vaziri ikki davlat o‘rtasidagi mahsulot ayirboshlash o‘tgan yarim yillik davomida sezilarli darajada oshganini qayd etdi va yil yakunlariga ko‘ra ikki baravarga oshishiga umid bildirdi.