TOShKENT, 15 avg — Sputnik. Toshkent viloyatida fuqarolar xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish maqsadida "Tozalash-antiterror" tadbiri o‘tkazib borilmoqda, deb xabar qildi Toshkent viloyati IIB matbuot xizmati.
Toshkent viloyatida o‘tkazilayotgan tadbirlar davomida viloyat hududidagi mahallalarda tashkil etilgan yo‘nalishlarda mahalla fuqarolar yig‘inlari faollari, "Mahalla posboni" jamoatchilik tuzilmasi va boshqa tashkilotlar vakillari birgalikda harakat qilmoqdalar.
Tadbir boshidan buyon ko‘p qavatli uylar, xonadonlar, korxona-tashkilotlar, kafe, bar, restoranlar, savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlari, ta’lim muassasalari, yotoqxona va mehmonxonalar, mahalla guzarlari kabi obyektlar ko‘zdan kechirildi.
Tezkor-qidiruv tadbirlari davomida jami 47 nafar jinoyat sodir etib, qidiruvda yurgan shaxslar ushlandi.
Yo‘l-patrul xizmati blok-postlarida va chegara maskanlarida avtoulovlar va jamoat transportlari tekshiruvdan o‘tkazildi.