TOShKENT, 15-avgust — Sputnik. "O‘zbekiston temir yo‘llari" kompaniyasi shu yilning oktabr oyida Qo‘qon-Marg‘ilon-Andijon elektrichkasi qatnovlarini kuniga ikki marotaba amalga oshirish rejalashtirmoqda. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.
Hozirda ushbu yo‘nalish bo‘yicha kuniga bir marotaba qatnovlar qat’iy jadval asosida muntazam amalga oshirilmoqda.
Jumladan, soat 06:22 da Qo‘qon vokzalidan jo‘nagan poyezd soat 9:12 da Andijon vokzaliga yetib bormoqda. Yo‘l davomida elektrichka Qaqir, Furqat, Oltiariq, Marg‘ilon, Quva va Asaka stansiyalarida to‘xtab o‘tadi. Andijondan jo‘nash vaqti soat 16:45 da Qo‘qonga yetib borish vaqti esa 19:30 da.
Yo‘nalish bo‘ylab harakatlanish vaqti jami 3 soatu 10 daqiqani tashkil etadi. Harakat tarkibi bir vaqtning o‘zida 330 nafar yo‘lovchini tashish imkoniga ega. Elektrichka 7 ta vagondan iborat bo‘lib, vagonlarning barchasi konditsioner bilan jihozlangan.
Eslatib o‘tamiz, 8-avgust kuni prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Qo‘qon – Marg‘ilon – Andijon yo‘nalishida elektrichka qatnovi yo‘lga qo‘yilgan edi.