TOShKENT, 14 avg — Sputnik. Rossiya Federal Xavfsizlik xizmati Moskva shahridagi transport, yirik bozorlar va savdo markazlarida portlash uyushtirmoqchi bo‘lgan terrorchilar guruhi a’zolarini qo‘lga oldi, deb xabar qilmoqda RIA Novosti.
Qo‘lga olinganlar orasida — jinoyatga tayyorgarlikni boshqarib borgan "Islom davlati" emissari, portlovchi qurilmalarni yasaydigan mutaxassis hamda ikki nafar xudkush-terrorchi borligi aytilmoqda.
Terrorchilar guruhi bir nafar rossiyalik va uch nafar markaziy osiyolikdan iborat, deyilgan xabarda.
Undan tashqari, portlashlarga ayni vaqtda Suriyada bo‘lgan "ID" rahbarlari, shu jumladan, "Shirinjonov A.M" nomli qo‘poruvchilik maktabi rahbari aloqador ekanligi aytilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil iyul oyi oxirlarida FXX Sankt-Peterburgda amalga oshirilishi rejalashtirigan yirik teraktlarning oldini olishga muvaffaq bo‘lgan edi. Maxsus xizmat xodimlari temir yo‘l transporti va jamoatchilik to‘planadigan joylarga hujum uyushtirmoqchi bo‘lgan markaziy osiyolik bo‘lgan 7 fuqaroni qo‘lga olishgandi.
Bosh prokuror o‘rinbosari Aleksandr Buksmanning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyada birinchi olti oy davomida amalga oshirilishi rejalashtirilgan o‘ndan ziyod teraktlar fosh etilgan. Faqatgina 3-aprel kuni Sankt-Peterburgda yuz bergan teraktning oldini olishga ulgurilmadi. Xudkush-terrorchi o‘shanda o‘zini metroda portlatib yuborishi oqibatida 16 kishi halok bo‘ldi.